“Educard” loyihasini joriy etish bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Avval xabar berganimizdek, yoshlarda iqtisodiy madaniyat hamda moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish maqsadida xalq ta’limi tizimida “Educard” loyihasini joriy etish ishlari boshlab yuborilgan. Kuni kecha, 17-mart kuni mazkur loyihani joriy etish bo‘yicha ishchi guruh vakillari ishtirokida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida tomonlar o‘zlarining vakolatlari doirasida “Educard” loyihasini joriy etishdagi texnik imkoniyatlarini boyitish va amaliy masalalari, shuningdek, loyihani tajriba-sinov tariqasida ishga tushirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, uchrashuv davomida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi va loyiha doirasida ularga taqdim etish mumkin bo‘lgan imtiyozlar hamda qulayliklar bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashildi.
Shu bilan birga, “Educard” loyihasi doirasida maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida barcha banklarning mobil ilovalarida ushbu funksiyani ishlash tamoyilini soddalashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, “Educard” loyihasi Xalq ta’limi vazirligi Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard) va “Universal bank” aksionerlik tijorat banki bilan o‘zaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolangan. Loyihani amalga oshirish jarayonida “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi”ning ham bevosita ishtiroki mavjud.