Ota-onalarning og‘riqli savoli: bolani ta’limga qanday qiziqtirsa bo‘ladi?

19.07.2021

3373

E’tibor berib qarasak, aksariyat bolajonlar o‘zaro Minecraft, PUBG MOBILE, Brawl Stars, Roblox kabi o‘yinlarga mukkasidan ketib o‘ynab o‘tirganlarini yoki muhokamalar qilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Lekin bu o‘yinlarning farzandlarimiz ruhiyatiga, bilim saviyasiga yoinki dunyoqarashiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmizmi? O‘yinlarning foydali yoki zararli turlari bormi? Aslida bolajonlarning o‘yin o‘ynashi qanchalik to‘g‘ri? Balki bu o‘yinlar orqali farzandlarimiz ma’lum darajada bilim olar?! 

Bugungi kunda smartfon va kompyuter o‘yinlari foydalanuvchilar uchun nafaqat ko‘ngilochar vosita, balki yangicha ta’lim muhiti sifatida ham xizmat qilmoqda. Hozirgi davrning an’anaviy ta’lim shakli bilim olishning yangicha usullariga muhtoj bo‘lgan avlodning har doim ham talab va ehtiyojlarini hisobga olmaydi. Bu esa qo‘shimcha onlayn ta’limning rivojlanishiga turtki berdi. Ayniqsa, jahonda kuzatilgan pandemiya oqibatlarida ushbu holat yanada jadallashdi.

Ammo, onlayn ta’limning asosiy kamchiligi – o‘quvchilarning tashqi faktorlarga chalg‘ib, darslarga bo‘lgan qiziqishlarini tez yo‘qotishlaridir. Xo‘sh, o‘quvchilar qiziqishini oshiradigan, o‘qituvchilarning ishini osonlashtiradigan va ta’lim tizimiga yangicha yo‘nalishda yondashadigan biror bir usul mavjudmi?

Bu muammoni hal etishda psixologlar tomonidan tavsiya etilayotgan o‘yinlar mexanikasi yangi avlod o‘quvchilarining dars jarayonlari vaqtida tez zerikib qolishining oldini olishga va o‘quvchida darsga bo‘lgan diqqat-e’tiborni kuchaytirishga ko‘maklashadi. O‘yin mexanikasi biznesda XX asrning boshlaridan buyon qo‘llanilib kelinmoqda. «Gamefication» (keyingi o‘rinlarda - geymifikatsiya) atamasi esa o‘tgan asrning 80-yillarida paydo bo‘lgan.

Geymifikatsiya – bu o‘quvchilarni/ishtirokchilarni noan’anaviy tarzda o‘yin yordamida o‘qish/ish jarayoniga jalb qilish. To‘g‘ri tuzilgan geymifikatsiya foydalanuvchining motivatsiyasini hamda ta’lim tizimiga qo‘shilish ishtiyoqini oshiradi.

Mazkur usul dastlab marketing va savdoda qo‘llanilgan. Lekin keyinchalik texnologiya boshqa faoliyat turlariga ham kirib bordi. Masalan, geymifikatsiyaning ta’lim tizimiga kirishining yaqqol namunasi bu «LinguaLeo» o‘yinida foydalanuvchilar virtual sherning bolasini boqish orqali ingliz tilini o‘rganishadi. O‘yinchi qanchalik ko‘p harakat qilsa, sherning bolasi shunchalik baxtli bo‘ladi va kuch oladi. Natijada, foydalanuvchi ingliz tilini o‘zlashtirishda muvaffaqiyatga erishib boradi. Hozirda bu kabi ko‘plab (MinecraftEDU, Duolingo, ClassDojo va boshqalar) geymifikatsiyaga asoslangan platformalar mavjud.

Nima uchun odamlarda o‘yinga bog‘liqlik paydo bo‘ladi? Bu har bir o‘yinchining ruhiyati, strategiyasi va dunyoqarashiga bog‘liq. Esseksa universiteti professori Richard Bartl o‘yin ishqibozlarini 4 ta asosiy toifaga – «liderlar», «erishuvchilar», «tadqiqotchilar» va «ziyofatchilar»ga ajratadi. Bir o‘yinni 4 xil toifadagi o‘yinchilar o‘ynab, 4 xil zavq oladilar.

Shuni ta’kidlash joizki, eng muhim bosqichlardan biri bu foydalanuvchilar guruhini hamda o‘yinchilarni qaysi toifaga mo‘ljallanganligini aniqlash. Bu o‘yinni kim o‘ynaydi? O‘yinchilarga nima motivatsiya beradi? Ularni nima g‘azablantiradi? kabi savollarga dastavval javob berish muhim. Tahlil qanchalik batafsil bo‘lsa, kelajakdagi geymifikatsiyaning poydevori ham shunchalik mustahkam bo‘ladi. Auditoriyaga yuzaki qarash barcha harakatlarni yo‘qqa chiqarishi hech gap emas.

Kelajakdagi ta’limda geymifikatsiyaning o‘rni

Ta’limdagi o‘yin mexanikasi – bu uzoqqa mo‘ljallangan tendetsiyadir. Bir tomondan geymifikatsiya allaqachon ta’lim sohasidagi samaradorligini isbotlashga ulgurgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan geymifikatsiyaga ta’limdagi barcha muammolarning yechimi sifatida qarash xatodir.

Geymifikatsiya onlayn va offlayn rejimlarni bir-biriga yaqinlashtirishga ham yordam beradi: ClassDojo va Kahoot bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Kelajakda geymifikatsiya ham samarali vositaga aylanishi mumkin. ClassDojo - bu o‘qituvchi uchun bir zumda o‘quvchiga o‘yin shaklida fikr bildirish imkoniyatini beruvchi xizmatdir. Har bir o‘quvchi o‘qituvchi mukofotlashi mumkin bo‘lgan o‘ziga xos «monstr»dir. ClassDojo ham ota-onalar uchun monitoring tizimi bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu platformadan 180 ta mamlakatda 40 mln o‘qituvchi foydalanadi.  Kahoot esa geymlashgan testlarni yaratish xizmati bo‘lib, ayni dars jarayonida o‘qituvchi ekranda bir nechta savollarni javob variantlari bilan taqdim etadi, o‘z qurilmalari yordamida o‘quvchilar savollarga to‘g‘ri javob variantini berishadi va ball to‘plashadi. Platformadan hozirda 3,5 mln o‘qituvchilar foydalanadi.

So‘nggi yillarda Respublikamizda ta’limni rivojlantirish dasturida asosiy urg‘u raqamlashtirish va aynan IT sohasiga berilayotgani hech kimga sir emas. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligida ham innovatsion ta’limga yondashuv va zamonaviy texnologiyalar asosida ta’limni tatbiq etishga bo‘lgan talab kundan-kunga oshib bormoqda.

Shunindek, geymfikatsiya orqali ta’limni rivojlantirishga qaratilgan vazirlikning yirik loyihalari ichida Edu Market platformasini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Edu Market – ta’lim platformasi sifatida boshqa analoglardan farq qiladi, chunki platformadagi o‘yinlar asosan O‘zbekiston Respublikasi maktab ta’limi tizimining o‘quv materiallaridan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi loyiha ustida ishlashni davom ettirmoqda va tez orada yuqori sinf o‘quvchilari uchun platformani ishga tushurishni rejalashtirgan.

O‘yin usullarini o‘rganishda o‘quvchi qat’iyat bilan o‘qishni istaydi va ba’zida bir soatdan ham ko‘proq vaqt davomida diqqatni jamlashga tayyor bo‘ladi, afsuski, aksariyat bolalarning an’anaviy ta’limga munosabatini bilamiz. Xo‘sh, nima uchun foydalanuvchilarga o‘yin yordamida bilim o‘zlashtirishni majburiy qilib, ta’lim olishni zavq bilan muvozanatlashishiga yordam bermaymiz?

Har qanday noan’anaviy bilim – o‘quvchilarning globallashuv davrida kreativ taffakurni shakllanishiga, hodisalar mohiyatini tushunishga va tanqidiy mushohada yuritishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir. Zero, ta’limga bo‘lgan yondashuvda noan’anaviylik ham ijtimoiy ham iqtisodiy hayotimizning ijobiy tomonga o‘zgarishining kafolatidir.

Sevara Isxakova,
Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi mutaxassisi

manba: Xabar.uz

Biz bilan bog'laning

Takliflaringizni, shikoyatlaringizni yoki fikringizni ushbu shaklda yuborishingiz mumkin