Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya kengashi (UBTIC) 25-yig‘ilishi haqida
Joriy yilning 3-4 fevral kunlari O‘zbekiston va Buyuk Britaniya hukumatlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya kengashi (UBTIC) 25-yig‘ilishi onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Buyuk Britaniyaning Xalqaro savdo bo‘yicha vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ivestitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: 2019 yilda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida Sheriklik va hamkorlik bitimi imzolangan edi. Bu Buyuk Britaniya tomonidan Markaziy Osiyo davlati bilan imzolangan dastlabki kelishuvlardan biridir. Ushbu bitim Buyuk Britaniya va O‘zbekiston bir-biriga savdo qilish uchun qulaylik yaratishni davom ettirishlarini kafolatlaydi.
Tadbir qayta tiklanadigan energiya manbalari, moliyaviy xizmatlar, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqishga qaratildi.
Uchrashuvda 40 dan ortiq ma’ruzachi, jumladan, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirligini vazir o'rinbosari - R. O. Karimjonov taqdim etdi.
Rustam Karimjonov yig‘ilish ishtirokchilarini qutlar ekan, O‘zbekiston xalq ta’limi sohasida ta’lim sifatini yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va xalq ta’limi tizimiga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish maqsadida chet ellik hamkorlar ko‘magida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek vazir o‘rinbosari o‘z ma’ruzasida britaniyalik hamkorlarning, xususan, Cambridge Assessment va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining Prezident maktablarini tashkil etishdagi o‘rnini alohida ta’kidladi.
Xalq ta’limi sohasining quyidagi:
• Tashkent International University of Education targ‘iboti;
• Assessment Center (bilim baholash markazi) loyihasini qo‘llab-quvvatlash;
• AKT-savodxonlik bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish;
• Maktab bitiruvchilarining kasbiy malakasini oshirish;
• English Speaking Nation loyihasini qo‘llab-quvvatlash;
• Atrof-muhitni muhofaza qilish fanini maktablarda o‘qitish;
• STEAM fanlar va informatika o‘qituvchilari uchun ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqish;
• “O‘qituvchilar Assotsiatsiyasi” imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishlariga Britaniya yordamini jalb qilish maqsadida Britaniya tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir so‘ggida tomonlar o‘zaro hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar va ikki tomonlama manfaatlar uchun aloqalarni yanada mustahkamlashga umid bildirdilar.
Shuningdek, ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining bir qator uchrashuvlari bo‘lib o‘tib, savdo va investitsiyalar sohasida dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, onlayn konferentsiya ishtirokchilari B2B va B2G formatlarida alohida muzokaralar o‘tkazdilar.