Joriy yilning 15-oktabr kuni poytaxtimizning 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida onlayn VR sayohatlarni o‘z ichiga olgan virtual maydonlarni tashkil etish” (Keyingi o‘rinlarda – “Virtual sayohat”) loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda ITSM’ning Maktabdan tashqari ta’lim va elektron resurslarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari Otabek Djurayev va Farrux Abduvaxidov hamda Dasturiy mahsulotlarni joriy qilish va texnik yordam ko‘rsatish boshqarmasi mutaxassisi Ali-Zoda Abdusamatovlar ishtirok etishdi.
Bugungi kunda yoshlarga zamonaviy uskunalarni to‘g‘ri va samarali qo‘llash, hamda ulardan maksimal darajada foyda olishni o‘rgatish, shu bilan birga reallik, virtuallik tushunchalarini to‘g‘ri talqin qilish muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Shu bois Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan “Virtual sayohat” loyihasi amalga oshirilayotgan bo‘lib, mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi “Barkamol avlod maktab”larida onlayn ekskursiyalar uyushtirish va respublikamizning ko‘p yillik tarixga ega diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, madaniyati va urf-odatlari bilan virtual tanishish imkonini beradi.
- Loyiha, avvalam bor, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda, “Barkamol avlod maktab”i o‘quvchilarining tarixiy savodxonligini oshirish, zamonaviy virtual sayohat imkoniyatlarini amalda keng qo‘llash, shu bilan birga, xorijiy mamlakatlarning tarixi va madaniyatini o‘rganish imkoniyatini yaratishga qaratilgan. “Virtual sayohat” orqali o‘quvchi yoshlarni ichki turizmga bo‘lgan qiziqishlari va ishtiyoqini oshirish, virtuallikdagi sayohatni real sayohatga aylantirish ko‘zda tutilgan”, deydi tadbir davomida ITSM’ning Maktabdan tashqari ta’lim va elektron resurslarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Djurayev.
Ortiqcha sarf-xarajatlarsiz milliy va xorijiy tarixiy obidalarni virtual reallikda ko‘rish va tanishish imkoniyatini beruvchi “Virtual sayohat” loyihasi doirasida har bir o‘quvchi o‘qib o‘rgangan madaniy meros, tarixiy obidalar darsliklari VR uskunasi orqali qisqa metrajli videolarda jonlantiriladi.
Hozirda quyidagi diqqatga sazovor joylarning videolari tayyorlangan:
Registon maydoni (Samarqand);
Shohizinda majmuasi (Samarqand);
Ark Qal’asi (Buxoro);
Ichan Qal’a (Xiva);
Oqsaroy (Shahrisabz).
Onlayn VR sayohatlarni o‘z ichiga olgan virtual maydonlarini noyabr oyining oxiriga qadar respublikamizning qator “Barkamol avlod” bolalar maktablarida tashkil etish rejalashtirilgan.