19-sentabr kuni poytaxtimizda joylashgan “Frankfort” mehmonxonasi konferensiyalar zalida “AI for Girls” o‘quv inkubatoriga start berildi.
“AI for Girls” o‘quv inkubatori – O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Turkiyaning Bahcheshehir universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, maktab o‘quvchilari, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar talaba qizlarining dasturlash asoslari hamda sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha malakalarini oshirishga mo‘ljallangan.
3 kun davom etishi rejalashtirilgan trening darslari Toshkent shahridagi zamonaviy IT-Park hududida bo‘lib o‘tadi, unda mamlakatimiz bo‘ylab saralab olingan 14-18 yosh oralig‘idagi umumta’lim maktablarining 20 nafar o‘quvchi qizlari ishtirok etadilar.
Mahorat darslari Bahcheshehir universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilib, trening ishtirokchilari 3 kunlik darslar davomida IT va sun’iy intellekt, uning turlari, kelajagi hamda kundalik hayotdagi qo‘llanilishiga doir bilimlarini oshirish imkoniga ega bo‘ladilar.