ICT4Girls loyihasining Digital Camp dasturiga qabul boshlandi, dasturga ariza topshirish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!
Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ICT4Girls loyihasi doirasida yurtimiz qizlarining IT ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan ICT4Girls Digital Camp dasturi uchun qabul boshlangani e'lon qilindi.
Dasturda 15 va undan katta yoshdagi maktab/kasb-hunar maktabi/kollej/texnikum/akademik litsey o‘quvchi qizlari ishtirok etishi mumkin.
Oromgoh yo‘nalishlari:
- Veb-dasturlash
- Mobil dasturlash
- Raqamli marketing
- Veb-dizayn
- STEM
*STEM yo‘nalishidagi o‘quv dastur 8-11-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan.
4 kunlik oromgoh Toshkent viloyatida bahorgi ta’til davomida bo‘lib o‘tadi.
Oromgoh bilan bog‘liq barcha xarajatlar tashkilotchilar tomonidan qoplanadi.
ISHTIROK ETISH UCHUN YO‘NALISHLAR BO‘YICHA TALABLAR:
Veb-dasturlash | Mobil dasturlash | Raqamli marketing | Veb-dizayn yo‘nalishlari uchun ariza topshiruvchilardan quyidagilar so‘raladi:
1. Ariza topshiruvchi o‘zi haqida ingliz tilida tayyorlagan 60 soniyali video (majburiy). Videoda quyidagi savollarga javob berishingizni so‘raymiz:
- Ism-sharifingiz va o‘qish joyingiz;
- IT sohasidagi bilim va ko‘nikmalaringiz haqida ma’lumot;
- IT sohasida kelajak uchun qo‘ygan reja va maqsadlaringiz;
- Nega aynan Sizni ishtirokchi sifatida tanlashimiz kerak?
- Dasturdan nimalar kutyapsiz?
Video 60 soniyadan oshmasligi lozim.
2. IT portfolio (ixtiyoriy). IT bo‘yicha avval bajargan ishlaringiz bo‘lsa, havola yoki fayl ko‘rinishida (ko‘pi bilan 10 ta fayl) topshirishingizni maslahat beramiz.
Portfolio bo‘lmasa, tushkunlikka tushmang: IT portfolioga ega bo‘lmagan qizlarning ham arizalari ko‘rib chiqiladi.
STEM yo‘nalishi uchun ariza topshiruvchilardan quyidagilar so‘raladi:
- Fizika, kimyo va biologiya fanlaridan a’lo baholaringizni tasdiqlash uchun reyting jadvalidan nusxa (PDF formatda);
- O‘zingiz, sevimli mashg‘ulotlaringiz va kelajakdagi rejalaringiz haqida ingliz tilida tayyorlangan 1 daqiqali video-intervyu;
- Loyiha ishi (video ko‘rinishida): maket yasash yoki tajriba o‘tkazish jarayoni ko‘rsatiladi. Video Sizning ishingiz natijalari haqida batafsil ma’lumot berib, 2-4 daqiqadan tashkil topishi va erkin uslubda olinishi kerak.
Shoshiling, arizalar 3-mart soat 23:59ga qadar qabul qilinadi. Ariza to‘ldirish uchun ushbu havoladan foydalaning.
Ariza topshirish va oromgoh bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar loyihaning Telegram va Instagram sahifalarida berilgan.
***
Eslatib o‘tamiz, ICT4Girls loyihasi Shveysariya elchixonasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Loyiha dasturi Women Techmakers Tashkent bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.