maktab.uz masofaviy ta’lim platformasining birinchi bosqich taqdimoti bo‘lib o‘tdi
16-mart kuni “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” (ITSM) tomonidan xalq ta’lim tizimiga axborot texnologiyalarini keng joriy etish va masofaviy o‘qitish metodikasini tatbiq etish doirasida ishlab chiqilayotgan maktab.uz masofaviy ta’lim platformasi axborot tizimining 1-bosqich dastlabki taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Xotamovich Shermatov, vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov hamda ITSM markazi direktori Abduvali Haydarov ishtirok etdi.
Taqdimotda onlayn ta’lim uchun mo‘ljallangan maktab.uz tizimining ishlash tamoyillari, imkoniyatlari, afzalliklari va qulayliklari haqida batafsil ma’lumot berildi, shuningdek maktab.uz axborot tizimida interaktiv videodarslar, interaktiv testlar, elektron va audio darsliklar hamda uyga vazifalar kontent sifatida joylashtirilishi ta’kidlandi. Ushbu axborot tizimidan ham o‘quvchilar va ularning ota-onalari, ham ta’lim muassasasi direktori va o‘qituvchilari foydalanishlari mumkinligi, platformadagi har bir foydalanuvchi uchun yaratilgan imkoniyatlar namoyish etildi.
maktab.uz axborot tizimining taqdimotida Xalq ta’limi vaziri mazkur ishlab chiqilayotgan loyihaning 1-bosqichida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, jahon tajribalari asosida o‘z takliflarini bayon etdi. Ta’lim yo‘nalishiga oid tegishli kontentlar bilan to‘ldirish yuzasidan aniq yo‘nalishlarni belgilab berdi. Taqdimot davomida Vazirlik rahbariyati aniqlangan kamchiliklarni loyihaning 2-bosqich ishlab chiqish jarayonlarida bartaraf etishni, sinov tariqasida poytaxt maktablaridan birida sinovdan o‘tkazish hamda yangi 2021-2022 o‘quv yili uchun to‘liq ishga tushirish masalasi ta’kidlandi.
maktab.uz loyihasining joriy etish natijasida Flipped Classroom o‘qitish metodi joriy qilinadi, o‘quvchilarning kelgusida qaysi kasbga, yo‘nalishga qiziqishi, bilimni o‘zlashtirish saviyasining tahliliy statistikasini kuzatish imkoniyati yaratiladi. Tez kunlarda loyihaning 2-bosqich ishlari yo‘lga qo‘yiladi.