Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga 540 yil to‘ldi.

14.02.2023

1719

Zahiriddin, bu qanday savdo,
Qora hijrat sari yuz tutmoq?
Yuragingni etar-ku ado,
Tirik turib, Vatandan ketmoq?!
Zahiriddin, ortga bir qara,
Ortga boq, ey, sheri sargardon,
Axir, keyin tushlaringda ham,
Bu tuproqni koʻrmogʻing gumon”.

Bugun ulugʻ oʻzbek shoiri, mutafakkir, tarixchi va davlat arbobi, Boburiylar saltanati asoschisi — Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga 540 yil toʻldi.

Zahiriddin Muhammad Bobur oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga yirik davlat arbobi va oʻz ismiga monand sher yurak sarkarda ham edi.

Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, oʻz ona tili, oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixshunos olimlari qatoridan joy egalladi.

Bobur ijodining markazida Vatanga boʻlgan muhabbat, yurt sogʻinchi, komil inson xislatlari, bagʻrikenglik va dovyuraklik yotadi. Buyuk mutafakkir oʻz avlodiga meros qilib qoldirgan va bugungi kunda ham sevib mutolaa qilinadigan “Aruz haqida risola”, “Mubayyin”, “Qobul devoni”, “Hind devoni” va uning shox asari boʻlgan “Boburnoma” yoshlar tarbiyasida, dunyoqarashi hamda komillikka intilishlarida dastak boʻlib xizmat qilmoqda.

Contact us

You can send your suggestions, complaints or opinions using this form