“Ustoz 2020” milliy mukofoti g‘oliblari aniqlandi

16.12.2020

4339

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba eng yaxshi o‘qituvchini aniqlash bo‘yicha tanlov nodavlat tashkilot tomonidan tashkil etildi – “O‘qituvchilar assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasi tomonidan oktyabr oyida e’lon qilingan “Ustoz 2020” milliy mukofotining taqdirlash marosimi 15-dekabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘qituvchilar assotsiatsiyasi” Yevropa Ittifoqi granti bilan moliyalashtirilayotgan va Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda mustaqil o‘qituvchilar assotsiatsiyalari imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi ko‘magida tashkil etilgan va loyihaning dastlabki grantchisi hisoblanadi.

Global Teacher Prize tashkilotchisi Varkey Foundation bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ustoz 2020” tanlovi xalqaro tajribaga asoslanib, shu paytgacha o‘tkazib kelingan “Eng yaxshi o‘qituvchi” tanlovidan tubdan farqli ko‘rinishda tashkil etildi. Nominatsiyalar turli fanlarga emas, balki oʻqituvchining umumiy bilim, ko‘nikmalari, fidoyiligi, sohaga qo‘shayotgan yutuqlari kabi jihatlarga asoslandi. Avvalgi tanlovdan farqli o‘laroq, o‘qituvchilar tuman, viloyat va respublika bosqichlariga jalb etilmadi. Joriy tanlovda hududga bog‘lanmagan holda istalgan ishtirokchi onlayn ro‘yxatdan oʻtib, tanlovda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

12 mingdan ortiq o‘qituvchilar qatnashgan tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, dastlab ishtirokchilar maxsus saytda insho va videoroliklarini joylashtirgan holda ro‘yxatdan o‘tishdi. Ikkinchi bosqichga yo‘l olgan 150 nafar o‘qituvchi onlayn suhbat orqali saralandi. Va nihoyat final bosqichida 30 nafar ishtirokchi ta’lim sohasidagi o‘zlari tanlagan muammoga o‘z nuqtai nazaridan yechim berish bo‘yicha taqdimot o‘tkazishdi. 

Final bosqichida jamoatchilikka yaxshi tanish bo‘lgan hakamlar hay’ati ishtirokchilarni baholadi - Dilfuza Kurolova - Yuristlar xalqaro kommisiyasi konsultanti, Eldar Asanov - "Daryo" sayti muharriri, Fanlar Akademiyasi ilmiy xodimi, Rasul Kusherbayev - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Nargiza Alikulova - Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi Delegatsiyasi Matbuot va axborot bo'yicha maslahatchisi.

10-14-dekabr kunlari Toshkent viloyatidagi dam olish maskanida bo‘lib o‘tgan final bosqichi davomida «O‘zbekistonda mustaqil o‘qituvchilar assotsiatsiyalari imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi yordamida o‘qituvchilar uchun kasbiy ko‘nikmalar, psixologik tayyorgarlik va huquqiy savodxonlik bo‘yicha treninglar ham tashkillashtirildi.

Biz bilan bog'laning

Takliflaringizni, shikoyatlaringizni yoki fikringizni ushbu shaklda yuborishingiz mumkin