Edu Market onlayn-olimpiadasida 20 000 dan ziyod ishtirokchilar orasidan aniqlangan g‘oliblar taqdirlandi

21.09.2020

3186

Xalq ta’limi vazirligi, Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi hamda Game Zale bilan hamkorlikda tashkil etilgan Edu Market interaktiv virtual ta’lim dasturining onlayn-olimpiadasi maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Android va  iOS platformalari foydalanuvchilari orasida o‘tkazilgan olimpiadada 12 yoshgacha bo‘lgan 20 000 dan ortiq maktab o‘quvchilari faol ishtirok etdi.

Kuni kecha g‘oliblar taqdirlandi. Hozircha Toshkent shahridagi 13 nafar g‘olibga sertifikat, maxsus ko‘krak nishoni va Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazining esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Poytaxtlik Halima Vohidova va Zuhra Akbarova esa ikkinchi va uchinchi hafta natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni egallashgan edi. Opa-singil g‘olibalar bosh sovrin — PLANSHET bilan taqdirlandilar.

Yurtimizdagi pandemiya sharoiti tufayli har bir ota-ona o‘zining sharoitidan kelib chiqib, farzandini an’anaviy ravishda maktabga yuborishi yoki uyda qolib, onlayn tarzda o‘qitishi yuzasidan mustaqil qaror qabul qilishgan edi. Edu Market tashkilotchilari ayrim g‘oliblar uyda o‘qiyotganini inobatga olib, ularning xonadonlariga tashrif buyurishdi, ba’zilarini esa maktabda tabriklashdi.

Endilikda respublikaning boshqa hududlaridagi g‘oliblarga ham sovg‘alar bosqichma-bosqich yetkaziladi.

Tez kunlarda taqdirlash jarayonidan videorolikni tomosha qilishingiz mumkin.

Biz bilan bog'laning

Takliflaringizni, shikoyatlaringizni yoki fikringizni ushbu shaklda yuborishingiz mumkin