Shavkat Mirziyoyev «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi

26.08.2019

2955


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. 

Prezident maktablarining asosiy maqsadi ta'lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli yoshlarni tarbiyalash va o‘qitish, rag‘batlantirish hamda kelgusida ularni salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, Shuningdek, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik mahoratini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash kabi ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.

Prezident maktablari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlarida va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari shaklida tashkil etiladi. 

2019 yilda dastlabki maktablarning qurilishi bir vaqtning o‘zida Toshkent va Nukus shaharlarida, hamda Xorazm viloyatida bo‘ladi. O‘z navbatida, 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Ushbu maktablariga qabul qilish respublika ta'lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5-10-sinflarining har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qiladi.

O‘quv jarayoni xorijiy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM - ta'lim» (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san'at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta'lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Biz bilan bog'laning

Takliflaringizni, shikoyatlaringizni yoki fikringizni ushbu shaklda yuborishingiz mumkin