English Speaking Nation loyihasi

18.12.2019

O‘zbekistondagi umumta’lim maktab o‘qituvchilarining ingliz tili ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ESN (English Speaking Nation) loyihasini ishga tushirmoqda.

XTV qoshidagi Innovatsiya, texnologiyalar va strategiya markazi (ITSM) loyihani amalga oshiruvchi tashkilot sifatida tayinlandi. Loyiha Amerika Kengashlari (American Councils), RTI (Research Triangle Institute) va USAID (AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi) bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Loyiha quyidagilarga qaratilgan:

1) umumta’lim maktab ingliz tili o‘qituvchilarining ingliz tilini bilish darajasini aniqlash;

2) o‘qituvchilarga ingliz tili bilimi va ko‘nikmalarini takomillashtirishda yordam berish;

3) o‘qituvchilarning «o‘quvchilarga yo‘naltirilgan» (learner-centred) pedagogik mahoratini oshirishda yordam berish;

4) trener va mentorlarning salohiyatini oshirishga ko‘maklashish;

5) uzluksiz kasbiy rivojlanishni rag‘batlantirish;

6) ingliz tilini o‘qitish standartlari va o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish;

7) o‘quv materiallari tuzuvchi mualliflarning salohiyatini oshirishga ko‘maklashish;

8) bilimni baholash bo‘yicha mutahassislar tizimini rivojlantirish.

Uch yillik loyiha natijasida 33 ming ingliz tili o‘qituvchisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita o‘quv mashg‘ulotlari va kasbiy rivojlanish faoliyatiga jalb qilinadi. Natijada 6 million maktab o‘quvchilarining ingliz tilidagi bilimlari yaxshilanadi. Shuningdek, O‘zbekiston umumta’lim maktablarining ingliz tili o‘qituvchilari haqida jamiyatning ijobiy tasavvuri kuchayadi va o‘qitishning samarali ekotizimi rivojlanadi.

English Speaking Nation: Secondary Teacher Training (ESN: STT) - Ingliz tilida so‘zlashadigan millat: Umumta’lim maktab o‘qituvchilari malakasini oshirish - bu O‘zbekiston Maktabgacha va maktab Ta’limi Vazirligi va O‘zbekistondagi AQSh elchixonasining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi (Public Affairs Section) o‘rtasida amalga oshiriladigan hamkorlik loyihasi. Bu dastur Xalkaro Ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlari (American Councils) yordamida amalga oshirilib, O‘bekistondagi ingliz tili o‘qituvchi-trenerlariga va umumta’lim maktab ingliz tili o‘qituvchilariga kasbiy rivojlanish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

ESN: STT o‘quvchilarning ingliz tilidagi bilim va mahoratini oshirish uchun, shuningdek ularning til o‘rganishdagi ko‘nikmalarini yaxshilash maqsadida 15 000 dan ortiq umumta’lim maktab o‘qituvchilar va 1000 dan ortiq o‘qituvchi-trenerlarni malakasini oshiradi.

Ushbu uch yillik dastur quyidagi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan:

umumta’lim maktab o‘qituvchilarining ingliz tili ko‘nikmalarini rivojlantirish;
umumta’lim maktab ingliz tili o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish;
umumta’lim maktab ta’lim tizimi o‘qituvchilarining jamiyatdagi ijobiy o‘rnini yanada mustahkamlash;
ingliz tilini o‘qitishni yuqori darajaga olib chiqishda ta’lim va tarbiyani qo‘llab-quvvatlovchi ekotizimni ishlab chiqish.
Dastur trenerlarni tayyorlash va umumta’lim maktab ingliz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirishning kaskad modeli (qisqa muddat ichida ko‘p sonli mutaxassislarni tayyorlash), ta’lim beruvchilar orasida o‘zaro kasbdoshlik ko‘magini shakllantirishga qaratilgan trenerlik dasturilarini o‘z ichiga oladi.

Dastur quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

Birinchi bosqich: TESOL Xalqaro Tashkiloti va Djorj Meyson universiteti (GMU) tomonidan olib boriladigan intensiv o‘quv dasturida qatnashish uchun har biri 40-45 nafar umumta’lim maktab ingliz tili o‘qituvchilaridan iborat ikki guruh tanlab olinadi. Ushbu guruh qatnashchilari quyidagilarda qatnashadilar va Asosiy trener maqomiga ega bo‘ladilar:

TESOLning 140 soatlik, shu jumladan umumta’lim maktablarida 20 soatlik majburiy amaliyot o‘tashni o‘z ichiga olgan asosiy sertifikat dasturi;
TESOL va GMU  tomonidan o‘tkaziladigan ikki xaftalik trenerlar tayyorlash kursi
Ikkinchi bosqich:  Asosiy trenerlar 500 nafar Hududiy mentorlarni tayyorlaydilar.

Uchinchi bosqich: Hududiy mentorlar loyiha davomida yiliga 10 nafar o‘qituvchini treningdan o‘tkazadilar va ularga mentorlik qiladilar. Shu tarzda, uchinchi yilning oxiriga qadar 15 000 umumta’lim maktab o‘qituvchilarining ingliz tili ko‘nikmalari va o‘qitish mahorati oshiriladi.

Dasturning uch bosqichi davomida, eng yaxshi 300 Hududiy mentorlar ESN:STTning mahoratli trenerlari tomonidan o‘qitiladi va TESOL sertifikatini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Asosiy trenerlar va Hududiy mentorlar 2022 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy TESOL Konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Batafsil ma’lumot va onlayn anketani tuldirish uchun:

https://www.esn-teachers.org/


Anketani yuklab olish uchun:

1. Core teacher trainers application - hujjat topshirish sanasi: 15 yanvar, 2020 yil

2. Regional Peer Mentor-Teachers application - hujjat topshirish sanasi: 31 yanvar, 2020 yil

To‘ldirilgan anketani esn@americancouncils.org ga yuboring.

Biz bilan bog'laning

Takliflaringizni, shikoyatlaringizni yoki fikringizni ushbu shaklda yuborishingiz mumkin